Yangi O‘zbekistonda Konstitutsiya va odil sudlov tamoyillari
Yangi O‘zbekistonda Konstitutsiya va odil sudlov tamoyillari
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida inson huquqlari va erkinliklarining ustuvorligi qoidasi, insonning hayoti, erkinligi, sha’ni va qadrqimmati oliy qadriyat ekanligi, fuqarolarning sud orqali himoyalanishga bo‘lgan huquqlari, odil sudlov prinsiplari, sud davlat hokimiyatining mustaqil tarmog‘i ekanligi, sudlarning mustaqilligi va faqat qonunga bo‘ysunishi, aybsizlik prezumpsiyasi kabi qator fundamental, umum e’tirof etilgan va xalqaro huquq normalaridaham o‘z aksini topgan.
Mamlakatimizda sud hokimiyati organlarining samarali va izchil faoliyat yuritishini, bu borada sudyalarning yuqori kasb malakasi, chuqur bilim, zamonaviy dunyoqarash va yuksak ma’naviy fazilatlarga ega bo‘lishini ta’minlash – ijtimoiy-siyosiy barqarorlikning muhim omili sifatida yondoshilmoqda. Shu o‘rinda aytish lozimki, odil sudlov – davlat faoliyatining muhim yo‘nalishlaridan biri, fuqarolar huquq va qonuniy manfaatlarini muhofaza qilish sud yordamida himoya qilish, ularni ijtimoiy himoyalashning maxsus yuridik shaklidir.
Sud hokimiyati – sud tomonidan fuqarolik, iqtisodiy, ma’muriy va jinoyat ishlarini ko‘rib chiqish, huquqiy nizolarni hal etish orqali namoyon bo‘ladi. Bunda sud fuqarolar, korxona, muassasa va tashkilotlarning huquq va qonuniy manfaatlariga ta’sir etish; jinoyat sodir etganlikda aybdor deb topish, jinoyat ishi bo‘yicha jazo tayinlash; shaxsni sud tartibida ayrim huquqlardan, mulkdan, shaxsiy huquq va erkinliklardan mahrum etish yoki ularni cheklash; adolatni ta’minlash va o‘rni kelganda shaxsning aybsizligini isbotlab, hukm chiqarish kabi faoliyatida qonunni qo‘llash bilan shug‘ullanadi. Aslida odil sudlov – insoniyat ma’naviyati va madaniyati xazinasining ulug‘ ne’mati, benazir yutug‘i hamda ma’rifiy qadriyatidir. Shunday yuksak tavsif barobarida odil sudlov – davlatning fuqarolar huquq va erkinliklarini, qonuniy manfaatlarini, jamiyat siyosiy va iqtisodiy negizlarini himoyalashga yo‘naltirilgan huquqiy siyosatining mujassam ifodasi va bevosita amalidir.
Shuningdek, o‘tgan 2017–2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha inson huquqlarini ta’minlash, davlat organlarining hisobdorligi va ochiqligini kuchaytirish hamda fuqarolik jamiyati institutlari, ommaviy axborot vositalarining roli, aholi va jamoat birlashmalarining siyosiy faolligini oshirish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirildi.
Yurtboshimizning Oliy Majlisga qilgan Murojaatnomasida ta’kidlaganidek, sudlarning asosiy vazifasi adolatni qaror toptirishdan iborat ekanligi haqida va buning uchun sud har bir ish yuzasidan qonuniy, asosli va adolatli qaror chiqarishi lozim ekanligini ta’kidlagan.
Mamlakatimizda amalaga oshirilayotgan islohotlarning tub maqsadi «Inson qadri uchun», «Davlat – inson uchun» degan ezgu g‘oyalarni hayotga tatbiq etishdan iborat. O‘zbekistonda odil sudlov tamoillarini yanada rivojlantirishga talab oshib bormoqda. Fuqarolarning erkinligi, sha’ni va qadr-qimmati oliy qadriyat ekanligi, fuqarolarning sud orqali himoyalanishga bo‘lgan huquqlari, odil sudlov tamoyillari, sud davlat hokimiyatining mustaqil tarmog‘i ekanligi, sudlarning mustaqilligi va faqat qonunga bo‘ysunishi, aybsizlik prezumpsiyasi kabi qator fundamental umum e’tirof etilgan xalqaro huquq normalari o‘z aksini topgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Oliy Majlisga Murojaatnomasida keltirilgan “Sud ostonasiga qadam qo‘ygan har bir inson, O‘zbekistonda adolat hukm surayotganiga to‘la ishonch hosil qilishi kerak” ligi haqidagi so‘zlari sudlarga bulgan ma’suliyatni yanada oshiradi desak to‘g‘ri bo‘ladi. Mamlakatimizdagi islohotlarning pirovard maqsadi insonlar uchun erkin, qulay, farovon hayot sharoiti yaratishga qaratilgan. Sud-huquq islohotlari odil sudlovni fuqarolar manfaatlarini himoya qiluvchi jarayonga aylanmog‘i, sud-huquq tizimini liberallashtirishga olib keluvchi, mamlakatimizda demokratik yangilanishlar jarayonini chuqurlashtirish, fuqarolik jamiyatini shakllantirishga asos solinishi sifat o‘zgarishlarga olib kelmog‘i lozim.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M. Mirziyoyevning tashabbuslari bilan mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohatlarning izchil amalga oshirilishi davomida Yangi O‘zbekistonning 2022–2026-yillarga mo‘ljallangan taraqqiyot strategiyasi tasdiqlandi va keyingi besh yillikda amalga oshiriladigan islohotlarning zarur siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy va ilmiy-ma’rifiy asoslarini yaratib berishga qaratilgan bir qancha vazifalar belgilandi.
Taraqqiyot strategiyasining 15-maqsadida Davlat organlari va mansabdor shaxslarning faoliyati ustidan samarali sud nazoratini o‘rnatish hamda fuqaro va tadbirkorlik subyektlarining odil sudlovga erishish darajasini oshirish maqsad qilib olindi.
Shuningdek ushbu maqsadlar asosida Ma’muriy sudlarda mansabdor shaxslarning qarorlari ustidan berilgan shikoyatlarni ko‘rib chiqish tizimini takomillashtirish orqali sud nazoratini qo‘llash sohasini kengaytirish, «Xabeas korpus» institutini yanada rivojlantirish orqali tergov ustidan sud nazoratini kuchaytirish, Sud protsessida tomonlarning haqiqiy tenglik va tortishuv tamoyillarini ro‘yobga chiqarish, Sudlar tizimida «yagona darcha» tamoyilini keng joriy etish maqsadida arizalarni sudga taalluqliligidan qat’iy nazar, qabul qilish va vakolatli sudga yuborish hamda muayyan ish doirasida barcha huquqiy oqibatlarni hal qilishni ta’minlash tizimini joriy etish, Sud tizimini bosqichma-bosqich raqamlashtirish, byurokratik g‘ov va to‘siqlarni bartaraf etish orqali fuqarolar va tadbirkorlik subyektlarining odil sudlovga erishish darajasini tubdan oshirish, Nizolarni hal etishning muqobil usullaridan keng foydalanish uchun zarur tashkiliy-huquqiy shart-sharoitlarni yaratish, yarashuv institutini qo‘llash doirasini yanada kengaytirish, sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini ta’minlashda sudyalar hamjamiyati organlarining rolini yanada oshirish, sudyalarning o‘zini o‘zi boshqarish tamoyilini keng joriy etish hamda sudyalarga g‘ayriqonuniy tarzda ta’sir o‘tkazishning oldini olish bo‘yicha ta’sirchan mexanizmlarni yaratish, sudyalar korpusini shakllantirishda ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash, sud tizimidagi rahbarlik lavozimlariga tayinlashda saylanish va hisobdorlik kabi demokratik tamoyillarni joriy etish, sud tizimini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarni tizimlashtirish ishlarini olib borilishi bo‘yicha keng ko‘lamli ishlarning amalga oshirilishi oqibatida amalga oshirilayotgan ishlar o‘zining samarasini bermasdan qolmaydi. Albatta bu boradagi ishlar inson manfaatlarini himoya qilishga xizmat qiladi.
Shu o‘rinda aytish lozimki, odil sudlov – davlat faoliyatining muhim yo‘nalishlaridan biri, fuqarolar huquq va qonuniy manfaatlarini muhofaza qilish sud yordamida himoya qilish, ularni ijtimoiy himoyalashning maxsus yuridik shaklidir.
Har bir mamlakatning milliy qonunchiligi, xalqaro huquq normalaridan qati nazar, sudyalar va huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarining huquqiy holatini, protsessual qonun hujjatlarini milliy doirada mustahkamlab kelgan. Binobarin, bu ish faqatgina, milliy qonunchilik vakolatiga tegishli, deb hisoblangan.
1966-yilning dekabrida BMT tomonidan qabul qilingan “Fuqarolik va siyosiy huquqlari to‘g‘risida”gi xalqaro Pakt qoidalarida ham inson huquqlarini himoya qilishda mustaqil sud tizimi muhim o‘rin tutishi alohida tarzda belgilab qo‘yildi. Mamlakatimiz parlamenti tomonidan 1995-yil 31-avgustda ratifikatsiya qilingan mazkur hujjatning 14-moddasida barcha shaxslar sudlar va tribunallar oldida tengligi hamda har bir kishi unga qo‘yilayotgan jinoiy ayblov ko‘rib chiqilayotganda yoki biror-bir fuqarolik jarayonida uning huquq va burchlari aniqlanayotganida qonunga muvofiq tuzilgan nufuzli, mustaqil va xolis sud tomonidan mazkur ish adolatli hamda ochiq holda ko‘rib chiqilishi huquqiga ega ekanligi belgilandi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 7-dekabrdagi “Sudyalarning chinakam mustaqilligini ta’minlash hamda sud tizimida korrupsiyaning oldini olish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF–6127-sonli Farmonining qabul qilinishi natijasida mamlakatimizda sudyalarning chinakam mustaqilligini ta’minlash, malakali kadrlarni tanlash, sudyalik kasbiga tayyorlash va tayinlash tizimini takomillashtirish, shuningdek, fuqarolarning odil sudlovga bo‘lgan ishonchini oshirish bo‘yicha izchil ishlar olib borilmoqda.
Sud hokimiyatining mustaqilligi prinsipining ahamiyati haqida ta’kidlar ekanmiz, hokimiyatning to‘laqonli mustaqil tarmog‘i sifatida sudlarning faqat qonunga bo‘ysunishini ta’minlash alohida diqqatga sazavorligi ham bejiz emas.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining “Sudlar to‘g‘risida”gi Qonunining 8-moddasida qonuniylik, 9-moddasida sudyalarning mustaqilligi, 10-moddasida sud hujjatlarining majburiyligi, 11-moddasida qonun va sud oldidagi tenglik, 12-moddasida sud ishlarini yuritishning oshkoraligi, 13-moddasida sud ishlari yuritiladigan til, 14-moddasida sud himoyasida bo‘lish huquqi, 15-moddasida odil sudlovni amalga oshirishda malakali yuridik yordam, 16-moddasida aybsizlik prezumpsiyasi, 17-moddasida Sud hujjati ustidan shikoyat qilish huquqi prinsip darajasida belgilangan.
Albatta bu boradagi qoidalarning qonun darajasida belgilanishi O‘zbekiston Respublikasida odil sudlovning amalga oshirilishini taminlashga hizmat qiladi desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Odil sudlovni amalga oshirishda qayd etish joizki, qonun ustuvorligini ta’minlash, shaxs, oila, jamiyat va davlatning huquq va manfaatlari muhofazasini kuchaytirish, axolining huquqiy madaniyati va huquqiy ongini oshirish, fuqarolarni qonunga bo‘ysunish va hurmat ruhida tarbiyalash – bu rivojlangan bozor iqtisodiyotiga asoslangan chinakam demokratik, huquqiy davlat qurish
va erkin fuqarolik jamiyatini shakllantirishning nafaqat maqsadi,
balki uning vositasi, eng muhim sharti hisoblanadi. Sudyalarning mustaqilligi va qonunga bo‘ysunishi, ularning odil sudlov borasidagi faoliyatiga biron-bir tarzda aralashishga yo‘l qo‘yilmasligi, qolaversa, sud hokimiyatining qonun chiqaruvchi va ijro etuvchi hokimiyatlardan mustaqil tarzda ish yuritishi mamlakatimizda sud-huquq sohasida olib borilayotgan islohotlarda o‘zining teran ifodasini topgan.
Odil sudlovning faqat sud tomonidan amalga oshirilishi prinsipi ham katta ahamiyat kasb etadi. Bu O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga muvofiq jinoyat ishlari bo‘yicha odil sudlovni faqat sud amalga oshirishi mumkinligini anglatadi. Mazkur prinsipga muvofiq, suddan boshqa biron-bir davlat organi biron-bir shaxsni aybdor deb topishi va jinoyat uchun unga jazo tayinlashi mumkin emas. Bu prinsip jahonning ko‘pgina davlatlarida amal qiladi. U sud organlarining mustaqilligini anglatadigan hokimiyat bo‘linishi prinsipii bilan uyg‘un va uzviydir. Sud hokimiyatining mustaqilligi sudyalarni almashtirib bo‘lmasligi, ularning shaxsiy daxlsizligi, sudyalar o‘zlari qabul qilgan qarorlar uchun faqat qonun oldida javob berishi, favqulodda sudlar tuzilishiga yo‘l qo‘yilmasligi, sudlar faqat budjetdan moliyalashtirilishi singari konstitutsiyaviy normalar bilan kafolatlanadi.
Odil sudlov organlari shaxsning huquqlari himoya qilinishini konstitutsiyaviy, fuqarolik, iqtisodiy, ma’muriy va jinoiy sud ishlarini yuritish orqali amalga oshiradi. Har bir fuqaro davlat organlari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, jamoat birlashmalari, fuqarolarning o‘zini-o‘zi boshqarish organlari yoki mansabdor shaxslarning g‘ayriqonuniy xatti-harakatlari (qarorlari) bilan o‘z huquqlari yoki erkinliklari buzilgan deb hisoblasa, shikoyat bilan sudga murojaat qilish huquqiga ega.
Konstitutsiyaviy kafolatlarni ta’minlash vazifasini hal qilish
sud hokimiyatini har tomonlama mustahkamlashni hamda sud-huquq tizimini isloh etish konsepsiyasi qoidalarini amalga oshirishni taqozo etadi, chunki faqat kuchli va mustaqil sud hokimiyati odil sudlov organi sifatida huquqiy davlatni shakllantirish, demokratiyani rivojlantirish, umuminsoniy qadriyatlarni, shaxs huquq va erkinliklarini samarali himoya qilish uchun imkoniyat yaratishga qodir.
Qonun ustuvorligi hamda inson huquq va erkinliklari himoyasi ta’minlanmas ekan, demokratik huquqiy davlat barpo etib bo‘lmaydi. Bu borada sudyalarning huquqiy maqomi bilan bog‘liq masalalarni ilmiy va amaliy nuqtai nazardan o‘rganish o‘ziga xos o‘rin tutadi. Sudlar mustaqilligi va faqat qonunga bo‘ysunishini ta’minlashda Harakatlar strategiyasida belgilanganidek, sudya lavozimida bo‘lishning ilk marotaba besh yillik, keyin o‘n yillik muddatini va so‘ng muddatsiz davrining belgilanishi muhim ahamiyat kasb etadi. Chunki sudya lavozimida bo‘lishning ushbu tartibi sudyadan zimmasiga yuklatilgan vazifani namunali va vijdonan bajarishni talab etishi bilan bir qatorda lavozimiga keyingi muddatga qayta saylanishi yoki tayinlanishi, o‘z vazifalarini namunali ado etgach, keyinchalik o‘n yilga va hatto muddatsiz davrga saylanishi yoki tayinlanishi uchun rag‘batlantiruvchi qoida ham hisoblanadi.
Qudrat Matkarimov,
Toshkent davlat yuridik universiteti Sud, huquqni muhofaza
qiluvchi organlar va advokatura kafedrasi dotsenti,
Yuridik fanlar doktori (DSc)
E-mail: matkarimovkudrat79@gmail.com