O'zbekiston Respublikasining
Vengriyadagi elchixonasi
  • O'zbekcha
    • O'zbekcha
    • Русский
    • English
  • Переключить Поиск
  • Переключить Полный экран
  • Bosh sahifa
  • Yangiliklar
    • O'zbekiston yangiliklari

Turkiy Davlatlar Tashkiloti: Oʻzbekiston yoshlar siyosatida tashabbuskor



 

Soʻnggi yillarda Oʻzbekiston inson kapitalini rivojlantirish, salohiyatli yosh avlodni tarbiyalash va jahonda yoshlar bilan ishlash tizimini takomillashtirish borasida qator global tashabbuslarni ilgari surmoqda. Turkiy davlatlar tashkiloti bu borada samarali platformalardan biridir. Bunday tashabbuslar mintaqa yoshlari oʻrtasida doʻstlik, hamkorlik va taraqqiyotga xizmat qiladi. Oʻzbekiston takliflari asosida oʻtkazilgan yirik anjuman va qoʻshma loyihalar bugun turkiy dunyo yoshlari uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochmoqda.

2019-yil 15-oktabr kuni Boku shahrida o‘tkazilgan Turk Kengashining 7-sammitida O‘zbekiston tomonidan ilgari surilgan tashabbusga muvofiq yosh tadbirkorlar uchun yirik xalqaro maydon yaratish g‘oyasi qo‘llab-quvvatlangan edi. Mazkur taklif asosida keyinchalik Toshkent shahrida Birinchi Turk Kengashi Yosh tadbirkorlar forumi o‘tkazildi. Tadbir yuqori saviyada tashkil etilib, turli mamlakatlardan kelgan yosh tadbirkorlar o‘zaro tajriba almashish va hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish imkoniyatiga ega bo‘ldi.

Turkiy davlatlar tashkilotida yoshlar masalasi Oʻzbekiston tashabbuslari tufayli muntazam muhokama qilinmoqda. 2019-yilda Samarqand shahrida tashkil etilgan “Turkiy kengashga a’zo davlatlar yosh tadbirkorlar forumi” bu borada dastlabki muhim qadamlardan biri boʻldi. Samarqanddagi forumdan keyin yoshlar oʻrtasidagi iqtisodiy hamkorlikka alohida e’tibor qaratilib, bugungi kunda yuqori dinamikani ko‘rsatyapti.

2020-yilda Toshkent shahrida “Turkiy kengash yoshlar siyosati vazirlari yigʻilishi” oʻtkazildi. Unda Oʻzbekiston tomoni turkiy davlatlar yoshlarini birlashtiruvchi keng qamrovli dasturlarni ishlab chiqishni taklif etdi. Yigʻilishda yoshlarning innovatsion gʻoyalari, ta’lim almashinuvini kuchaytirish, madaniy hamkorlikni kengaytirishga oid masalalar muhokama qilindi.

Turkiya Respublikasida oʻtkazilgan Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashining 8-sammitida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan tashabbusga muvofiq 2022-yil turkiy dunyoda “Yoshlar tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash yili” deb eʼlon qilindi. Mazkur tashabbus doirasida 3–4-iyun kunlari Buxoro shahrida Turkiy davlatlar tashkilotining “IV Yosh liderlar forumi” yuqori saviyada oʻtkazildi.

Forumning ochilish marosimida Turkiy davlatlar Yoshlar tashkilotlari rahbarlari, aʼzo va kuzatuvchi mamlakatlardan tashrif buyurgan yuqori martabali mehmonlar ishtirok etdi. Tadbir davomida 2022-yilni “Yoshlar tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash yili” sifatida eʼlon qilish hamda Buxoro shahrining Birinchi turkiy dunyo Yoshlar tashabbuslari poytaxti maqomini olishi yuzasidan maxsus taqdimot namoyish qilindi. Marosim yakunida esa bu tarixiy qarorni mustahkamlovchi qoʻshma qaror va yil davomida Buxoro shahrida amalga oshiriladigan harakatlar rejasi imzolandi.

Shu munosabat bilan Oʻzbekiston  Buxoro shahri ilk bor birinchi turkiy dunyo yoshlar tashabbuslari poytaxti sifatida eʼlon qilindi va Buxoro viloyati hokimi B. Zaripovga rasmiy sertifikat topshirildi. Tadbir doirasida Yoshlar markazida maxsus monument — “Buxoro shahri birinchi turkiy dunyo yoshlar tashabbuslari poytaxti” ramzi ochildi, shuningdek, turkiy dunyo yoshlariga atalgan bogʻ foydalanishga topshirildi.

Forumning amaliy qismi ishtirokchilarning turli guruhlarga boʻlinib, fan va taʼlim, tadbirkorlik, sanʼat, media hamda sport yoʻnalishlaridagi seminar-treninglarda qatnashdi. Ularda Turkiy Davlatlar Tashkiloti mamlakatlaridan tashrif buyurgan taniqli shaxslar mahorat darslarini oʻtkazdi. Yoshlar bildirgan tashabbuslarni esa Turkiy Davlatlar Tashkiloti Yoshlar va sport vazirlarining navbatdagi yigʻilishi kun tartibiga kiritish taklif qilindi. Soʻnggi kunida esa ishtirokchilar Bahouddin Naqshband majmuasi, Somoniylar maqbarasi va Buxoro Arkiga tashrif buyurib, shaharning boy merosi bilan tanishdilar. Shuningdek, mehmonlar Zardoʻzlik markazi va Eski shaharda boʻlib, yoshlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlarni koʻrdi. Forum gala konsert va mashhur spikerlar bilan uchrashuv asnosida yakunlandi.

2022-yili Turkiy davlatlar tashkilotining Samarqand sammiti yoshlar siyosatida burilish davri boʻldi. Sammitda “Turkiy davlatlar yoshlar platformasi”ni amaliy faoliyatga joriy etish masalasi kun tartibiga qoʻyildi. Oʻzbekiston yoshlarning taʼlim, ilm-fan va madaniyat sohalaridagi aloqalarini mustahkamlashga oid aniq tashabbuslarni ilgari surdi. Hamkor davlatlar oʻrtasida “Talabalar almashinuvi dasturi”ni yaratish gʻoyasi rivojlanib, bu borada kelishuvlarga erishildi.

Yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish uchun mamlakatimiz vakillari startaplarni qoʻllab-quvvatlash, venchur kapitalga kirish imkoniyatlarini kengaytirish, axborot texnologiyalari va innovatsion loyihalarda qoʻshma tashabbuslarni yoʻlga qoʻyishni taklif etdi. Bunday gʻoyalar Turkiston shahrida oʻtkazilgan yoshlar uchrashuvlarida ham aks etdi.

Madaniy-maʼrifiy hamkorlik yoʻnalishida turkiy xalqlarning umumiy tarixiy merosini yoshlar ongiga singdirishga qaratilgan qoʻshma loyihalar ishga tushirildi, turli adabiy tanlov va sanʼat festivallari tashkil etildi. Bu tadbirlar yoshlarning oʻzaro yaqinlashuviga, turkiy birdamlik gʻoyasining mustahkamlanishiga xizmat qildi.

2024-yilda Turkiy davlatlar tashkiloti doirasida yoshlar siyosati yanada aniqroq loyihalar bilan boyidi. Istanbulda o‘tkazilgan yig‘ilishlarda yoshlar diplomatiyasini rivojlantirish masalasi asosiy mavzuga aylandi. Yoshlar parlamentlari o‘rtasida muloqot platformasini yaratish g‘oyasi qo‘llab-quvvatlanib, siyosiy qarorlar qabul qilish jarayonlarida yoshlar faol ishtirok etishi uchun yangi imkoniyatlar ochildi.

Ta’lim sohasida esa turkologiya, umumiy tarix va tilshunoslik bo‘yicha qo‘shma darsliklar yaratish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi. Yurtimiz vakillari bu jarayonda amaliy takliflar kiritib, Toshkentda turkiy davlatlar talabalari uchun ilmiy seminar va yozgi maktablarni tashkil qilish rejasini ilgari surdi. Shu bilan birga, axborot texnologiyalari bo‘yicha o‘quv dasturlari ham muhokama qilinib, O‘zbekistonda qo‘shma axborot texnologiyalari inkubatorlarni ochish masalasi kun tartibiga qo‘yildi. Yoshlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash yo‘nalishida “Turkiy startaplar haftaligi” o‘tkazildi. Shuningdek, turkiy davlatlarning yirik kompaniyalari bilan yoshlar startaplarini moliyalashtirishga qaratilgan dastlabki shartnomalar imzolandi.

2024-yil 8–9 sentabr kunlari Qozog‘iston poytaxti Ostona shahrida Turkiy Davlatlar Tashkilotiga a’zo mamlakatlarning yoshlar va sport ishlari bo‘yicha vazirlari sakkizinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilish davomida O‘zbekiston tomonidan Toshkent shahrida “Turkiy dunyo kreativ yoshlar markazi”ni tashkil etish tashabbusi ilgari surildi. Bu taklif oldinroq  3-sentabrda Turkiy Davlatlar Tashkiloti davlat rahbarlari kengashida Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan yangragan edi. Ushbu markaz faoliyatini yo‘lga qo‘yishda Tashkilotga a’zo davlatlarning hamkorligi muhim omil sifatida qayd etildi.

2025-yilning 16–19-iyun kunlari Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan Global yoshlar festivali doirasida esa “III Turkiy davlatlar yoshlar diaspora forumi” o‘tkazildi. Unda Tashkilotga a’zo va kuzatuvchi davlatlarning yosh diaspora vakillari, shuningdek, Turkiy Davlatlar Tashkiloti Bosh kotibi o‘rinbosari ishtirok etdi. Forumda global jarayonlar fonida milliy qadriyatlarni asrab-avaylash, yoshlar o‘rtasida hamkorlikni kengaytirish va diasporalar faoliyatidagi muammolar muhokama qilindi.

Shu tariqa 2019-yildan bosqichma-bosqich rivojlanib kelgan O‘zbekistonning Turkiy Davlatlar Tashkiloti doirasidagi yoshlar siyosati aniq maqsad va vazifalarni qamrab olgani bilan diqqatga molikdir. Tashabbuslarning amaliyotga tatbiq qilinishi, qo‘shma markazlar faoliyatini yo‘lga qo‘yish va yoshlar diplomatiyasini mustahkamlash hamkorlik natijalarini mustahkamlamoqda.

 
Zugligeti út 14, 1121, Budapest.
Telefon: +3619513883
E-mail: hu.uzembassy@mfa.uz

Ijtimoiy tarmoqlarda:
Konsullik bo'limi:
Manzil: Zugligeti út 14, 1121, Budapest.
Telefon: +36304362636

Ishonch telefoni:
O'zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi: +998 71 233-28-28