O'zbekiston Respublikasining
Vengriyadagi elchixonasi
  • O'zbekcha
    • O'zbekcha
    • Русский
    • English
  • Переключить Поиск
  • Переключить Полный экран
  • Bosh sahifa
  • Yangiliklar
    • O'zbekiston yangiliklari

O‘zbekiston va Ozarbayjon: Madaniy diplomatiya va xalqlar do‘stligining yangi bosqichi



O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi munosabatlar tarixiy, madaniy, til va an’analar jihatidan chuqur ildizlarga egadir. Ikki davlatni nafaqat geosiyosiy manfaatlar, balki umumiy madaniy meros, qadriyatlar va turkiy xalqlarga xos birlik ruhi bog‘lab turadi. Madaniy hamkorlik ikki xalq o‘rtasida o‘zaro hurmat va do‘stlikni yanada mustahkamlashda muhim o‘rin tutadi.

Bu ikki xalq tarixiy ildizlar va madaniy yaqinlik bilan chambarchas bog‘langan bo‘lib, har ikki xalq islom dini, turkiy qadriyatlar va umumiy tarixiy meros asosida shakllanganligi bilan ajralib turadi.

Xususan, O‘zbekiston hududida joylashgan tarixiy shaharlar – Samarqand, Buxoro, Xiva kabi maskanlar nafaqat o‘zbek xalqi, balki butun turkiy dunyo uchun muqaddas va bebaho meros hisoblanadi. Ushbu shaharlar asrlar davomida ilm-fan, san’at, hunarmandchilik va me’morchilik markazlari bo‘lib xizmat qilgan. Ularda yaratilgan madaniy obidalar – masjidlar, madrasalar, maqbaralar va karvonsaroylar turkiy xalqlarning moddiy madaniy yodgorligi sifatida bugungi kungacha o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan. Ayniqsa, Temuriylar davrida barpo etilgan me’moriy ansambllar Markaziy Osiyo sivilizatsiyasi va turkiy madaniyatining durdonalaridandir. O‘zbekistonning ushbu moddiy madaniy merosi butun turkiy xalqlarning tarixiy o‘zligini anglash va faxrlanish manbai bo‘lib xizmat qilmoqda.

O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi madaniy munosabatlar bugun paydo bo‘lgan emas, uning tarixiy ildizlari Nizomiy Ganjaviy, Alisher Navoiy, Jomiy va boshqa buyuk mutafakkirlar davriga borib taqaladi. Shuningdek, “Ipak yo‘li” orqali Ozarbayjon va O‘zbekiston shaharlari o‘rtasida iqtisodiy va madaniy aloqalar yuzlab yillar davom etgan. Bu madaniy bog‘lanishlar hozirgi kunda ham rivojlanib bormoqda.

     Ma’lumot o‘rnida, O‘zbekiston Respublikasi Hukumati va Ozarbayjon Respublikasi Hukumati o‘rtasida 1996-yilda imzolangan Gumanitar hamkorlik to‘g‘risidagi bitimga asosan ikki davlat o‘rtasida madaniy hamkorlik aloqalari olib borilmoqda.

So‘nggi yillarda ikki davlat o‘rtasida turli madaniy tadbirlar muntazam ravishda tashkil etib kelinmoqda. Jumladan: O‘zbekistonda Ozarbayjon madaniyati kunlari, Ozarbayjonda O‘zbekiston madaniyati kunlari, qo‘shma teatr festivallari, xalqaro festivallar, kino namoyishlari va ko‘rgazmalar, oliygohlar o‘rtasida talabalar almashinuvi, qo‘shma ilmiy tadqiqotlar, konferensiyalar va seminarlar faol yo‘lga qo‘yilgan.

Madaniy hamkorlikning yaqqol namunasi sifatida, 2025-yilning 2-3-iyul kunlari madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekovning Boku shahriga tashrifi davomida Ozarbayjon Mug‘om san’ati markazi direktori Sahib Pashazada va parlament qo‘mita raisi o‘rinbosari Gyunay Efendiyevaga “O‘zbek madaniyati elchisi” unvoni berilganligini ko‘rishimiz mumkin, bu munosabat ikki xalq o‘rtasidagi madaniy aloqalarning ishonch va do‘stlik asosida qurilganligining ifodasidir.

O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi madaniy hamkorlik xalqlar o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarni mustahkamlash, umumiy qadriyatlarni asrash va yangi avlodga yetkazishda muhim omildir. Turkiy xalqlarning yagona madaniy maydonida bu ikki davlatning roli muhim bo‘lib, kelgusida ham hamkorlik kengayib, yangi qo‘shma loyihalarga yo‘l ochilishi shubhasizdir.

 
Zugligeti út 14, 1121, Budapest.
Telefon: +3619513883
E-mail: hu.uzembassy@mfa.uz

Ijtimoiy tarmoqlarda:
Konsullik bo'limi:
Manzil: Zugligeti út 14, 1121, Budapest.
Telefon: +36304362636

Ishonch telefoni:
O'zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi: +998 71 233-28-28