O'zbekiston Respublikasining
Vengriyadagi elchixonasi
  • O'zbekcha
    • O'zbekcha
    • Русский
    • English
  • Переключить Поиск
  • Переключить Полный экран
  • Bosh sahifa
  • Yangiliklar
    • O'zbekiston yangiliklari

O‘zbekiston va Finlyandiya: texnologiyalar va ishonch asosidagi iqtisodiy hamkorlik



Tarixiy asoslar

O‘zbekiston - Finlyandiya munosabatlarining tarixi 1990-yillarning boshlariga borib taqaladi. Finlyandiya 1991-yil 30-dekabrda O‘zbekiston Respublikasining mustaqilligini birinchilardan bo‘lib tan olgan. Oradan ikki oy o‘tib, 1992-yil 26-fevralda ikki davlat o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilgan. Shu tariqa o‘zaro hurmat, ishonch va texnologik taraqqiyotga intilishga asoslangan hamkorlikning yangi sahifasi ochilgan.

1992-yilda o‘tkazilgan yuqori darajadagi ilk tashriflar siyosiy muloqotning poydevorini yaratdi. O‘sha safarda YXHTning Xelsinki Yakunlovchi hujjati va Parij Xartiyasiga qo‘shilish marosimida ishtirok etilgan. O‘sha yilning oktabr oyida Finlyandiya Prezidenti Mauno Koivisto Toshkentga rasmiy tashrif bilan kelgan. Shundan buyon ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlik siyosiy hamda iqtisodiy yo‘nalishlarda izchil rivojlanib bormoqda.

Huquqiy va institutsional asos

Bugungi kunda O‘zbekiston - Finlyandiya munosabatlarining shartnomaviy-huquqiy bazasini 8 ta amaldagi hujjat tashkil etadi, shundan 2 tasi davlatlararo, 6 tasi hukumatlararo bitimlardir. Ular orasida 1992-yilda imzolangan investitsiyalarni o‘zaro himoya qilish, savdo-iqtisodiy va texnologik hamkorlik to‘g‘risidagi kelishuvlar, 1996–1997-yillardagi aviatsiya va avtomobil transporti bo‘yicha shartnomalar, shuningdek, soliqqa tortishni ikki karra oldini olish va bojxona hamkorligi to‘g‘risidagi bitimlar mavjud.
Bugungi kunda yangi tashabbuslar ham ko‘rib chiqilmoqda, jumladan diplomatik pasport egalari uchun vizasiz rejimni joriy etish, atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida memorandum hamda tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida maslahatlashuvlar protokoli loyihalari.

Hamkorlik yo‘nalishlari: texnologiyalar, ekologiya va innovatsiyalar

Innovatsiyalar, barqaror rivojlanish va “yashil” texnologiyalar sohasida dunyoda yetakchi hisoblangan Finlyandiya O‘zbekiston uchun raqamlashtirish va energiya samaradorligiga asoslangan yangi iqtisodiy modelga o‘tish jarayonida muhim yo‘nalish sifatida ko‘rilmoqda.

2017-yilda O‘zbekistonga mashinasozlik, agro-sanoat, telekommunikatsiya va logistika sohalarida faoliyat yurituvchi 9 ta fin kompaniyasidan iborat biznes delegatsiyasi tashrif buyurdi. Ular AgroWorld Uzbekistan xalqaro ko‘rgazmasida ishtirok etib, ikki mamlakat biznes doiralari o‘rtasida bevosita aloqalarning yangi bosqichini boshlab berdi.

2019-yil aprel oyida Toshkentda Finlyandiya Tashqi iqtisodiy aloqalar bo‘yicha davlat kotibi o‘rinbosari Mikko Keynenen boshchiligidagi delegatsiya qabul qilindi. Unga Nokia Siemens Networks, ABB, Wärtsilä, Uponor Infra, Tikkurila, ISKU va Airbus Defense and Space kabi 29 ta yirik kompaniya vakillari kirgan. Uchrashuvlarda Finlyandiya texnologiyalarini O‘zbekistonda joriy etish, energetika va xomashyo qayta ishlashdagi hamkorlik loyihalari, “aqlli” shaharlar va suv resurslari sohasidagi imkoniyatlar muhokama qilindi.

2019-yil noyabr oyida Finnvera eksport-kredit agentligi vakili Antti Koskelaynenning Toshkentga tashrifi moliyaviy hamkorlik yo‘nalishida muhim qadamlardan biri bo‘ldi. Uchrashuvlarda Finlyandiya kompaniyalarining O‘zbekistondagi eksport amaliyotlarini moliyalashtirish va sug‘urtalash mexanizmlari muhokama etildi.

Savdo: uch barobar o‘sish

O‘zbekiston va Finlyandiya o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalar izchil kengaymoqda. Savdo sohasida eng qulay rejim joriy etilgan bo‘lib, savdo-iqtisodiy va ilmiy-texnikaviy hamkorlik bo‘yicha Hukumatlararo qo‘shma komissiyaning muntazam yig‘ilishlari (hozirgacha 5 ta, so‘nggisi 2023-yil fevralda Toshkentda o‘tkazilgan) faol aloqalarga turtki bermoqda.

Savdo ko‘rsatkichlari so‘nggi yillarda sezilarli o‘sishni namoyish qilmoqda: 2020-yilda tovar aylanmasi 48,45 mln AQSh dollarini tashkil etgan bo‘lsa, 2024-yilga kelib bu ko‘rsatkich 151,7 mln dollarga yetib, 3,1 barobarga oshgan. Bu esa Finlyandiya biznesining O‘zbekiston bozoriga qiziqishi ortib borayotganini ko‘rsatadi.

Investitsiyalar va biznes hamkorligi

Finlyandiya O‘zbekistonda nafaqat savdo, balki innovatsiya va investitsiyalar manbai sifatida e’tirof etiladi. Bugungi kunda mamlakatda 14 ta Finlyandiya kapitali ishtirokidagi korxona faoliyat yuritmoqda, shundan 4 tasi qo‘shma, 10 tasi 100 foiz xorijiy kapitalga ega. Ular elektronika, dasturlash, energetika, qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat, kimyo sanoati hamda telekommunikatsiya uskunalari ishlab chiqarish sohalarida faoliyat yuritadi.

Fin kompaniyalari qayta tiklanuvchi energiya, chiqindilarni qayta ishlash, ekologik qurilish, suv resurslaridan oqilona foydalanish va barqaror qishloq xo‘jaligiga oid loyihalarga qiziqish bildirmoqda. O‘zbekiston tomoni esa investorlar uchun soliq imtiyozlari, sanoat zonalari infratuzilmasi va 75 milliondan ortiq aholiga ega Markaziy Osiyo bozoriga kirish imkoniyatini taklif etmoqda.

Finlyandiyaning iqtisodiy salohiyati: hamkorlik imkoniyatlari

Finlyandiya Yevropaning eng texnologik rivojlangan va innovatsion iqtisodiyotlaridan biridir. 2024-yilda mamlakat YaIM 320 mlrd dollardan oshgan, aholi jon boshiga YaIM esa 58 ming dollarni tashkil etgan. Xizmatlar ulushi 70 %, sanoat 27 %, qishloq xo‘jaligi esa 2,5 %ni tashkil etadi. Inflyatsiya darajasi 3 % atrofida bo‘lib, barqaror iqtisodiy muhitni ta’minlamoqda.
O‘zbekiston uchun Finlyandiya bilan hamkorlik quyidagi yo‘nalishlarda katta imkoniyatlar yaratadi:

• Energetika: qayta tiklanuvchi energiya manbalari, “aqlli” tarmoqlar va energiya saqlash tizimlarini joriy etish, quyosh panellari va shamol uskunalari ishlab chiqarishni rivojlantirish.

• Ekologiya va suv resurslari: suvni tozalash, chiqindilarni qayta ishlash va samarali sug‘orish texnologiyalaridan foydalanish.

• Mashinasozlik va elektronika: sanoat uskunalari, avtomatlashtirish va telekommunikatsiya tizimlarini ishlab chiqarish bo‘yicha qo‘shma korxonalar tashkil etish.

• Qurilish: energiya tejamkor uy-joy va “yashil” materiallar ishlab chiqarish, “aqlli uy” tizimlarini joriy etish.

• Ta’lim va ilm-fan: muhandislik va IT yo‘nalishida o‘quv dasturlari ishlab chiqish, qo‘shma laboratoriyalar tashkil etish, dual ta’lim tizimini joriy etish.

• Agrosanoat: aniq dehqonchilik, raqamlashtirilgan qishloq xo‘jaligi va ekologik toza mahsulot ishlab chiqarish sohalarida hamkorlik.

Finlyandiya barqaror rivojlanish va raqamli yechimlar bo‘yicha boy tajribaga ega bo‘lib, O‘zbekistonning “yashil iqtisodiyot” va innovatsion sanoat transformatsiyasi dasturlarida strategik hamkor bo‘lishi mumkin. O‘zbekiston esa tabiiy resurslari, yosh mehnat bozori va keng ichki iste’mol bozori bilan fin biznesi uchun ishlab chiqarishni mahalliylashtirish hamda mintaqaviy bozorga chiqish imkoniyatini taqdim etadi.

Kelajak sari nigoh

O‘zbekiston va Finlyandiya o‘rtasidagi hamkorlik oddiy iqtisodiy sheriklikdan kengroq mazmunga ega bo‘lib bormoqda. Raqamlashtirish, “yashil” energetika va ta’lim sohasidagi qo‘shma loyihalar ikki davlat o‘rtasida tajriba, texnologiya va investitsiyalar almashinuvi uchun yangi ufqlarni ochmoqda.

Finlyandiya O‘zbekistonni Markaziy Osiyodagi ishonchli hamkor sifatida ko‘rsa, O‘zbekiston Finlyandiyani “aqlli o‘sish” modeli va bilim iqtisodiyotini shakllantirish yo‘lida strategik ittifoqchi sifatida baholamoqda.

Shimolning pragmatik tajribasi va Sharqning dinamik rivojlanishi uyg‘unligida o‘zaro ishonch, innovatsiya va hurmatga asoslangan O‘zbekiston - Finlyandiya munosabatlarining kelgusi mustahkamlanish salohiyati mujassamdir.

Zugligeti út 14, 1121, Budapest.
Telefon: +3619513883
E-mail: hu.uzembassy@mfa.uz

Ijtimoiy tarmoqlarda:
Konsullik bo'limi:
Manzil: Zugligeti út 14, 1121, Budapest.
Telefon: +36304362636

Ishonch telefoni:
O'zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi: +998 71 233-28-28